23.09.2021

Mehnat faxriylari Imom Termziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishishdi...

Termiz azal-azaldan turli savdo yo‘llari, madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan muqaddas zamin. Bu ko‘hna go‘shaning ohanrabosi, ko‘rku tarovati insonni doimo o‘ziga mahliyo etib kelgan.

Termizga  yiliga dunyoning turli nuqtalaridan minglab sayyohlar keladi. Ular bu sharif zaminda tarix bilan yuzlashadilar. Insoniyatning asrlar osha yashab kelayotgan ezgu tutumlari, madaniyati va qadriyatlariga guvoh bo‘lib, ularning mohiyatida yotgan umumbashariylik, boqiylik sirlarini anglashga urinadilar. Islom dini peshvolari, allomalari, aziz-avliyolari bosgan tuproqni, qo‘llarining qaynoq tafti qolgan masjidu minoralarni, ruhlari kezib yurgan manzillarni ziyorat qilishga oshiqadilar. 

Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimligi, tuman Kasaba uyushmasi hamda Xalq ta’limi tuman bo’limi tashabbusi bilan bir guruh mehnat faxriylari uchun Respublikamizning diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkillashtirilgan. Mehnat faxriylari ayni kunlarda viloyatimizdagi turli tarixiy obidalar, diqqatga sazovor joylarda bo’lishib, vohamiz tarixi va bugunini o’zida aks ettirayotga  keng ko’lamli islohotlar samarasiga guhov bo’lishmoqda.

Vohamiz bo’ylab sayohatlarini davom ettirayotgan nuroniylar  Imom Termziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ham bo’lishib, markaz faoliyati, bu yerda olib borilayotgan ilmiy–tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishishdi.  

Ayniqsa, mazkur tadqiqot markazi faoliyati va termiziylar adabiy merosini o’rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar aks etgan videorolik namoyishi sayyohlarga katta taassurot qoldirdi. 

Samimiy tarzda kechgan suhbat-muloqotda mehmonlar viloyat miqyosida har jabhada olib borilayotgan o’zgarishlar va yangiliklar o’zlarida katta taassurot qoldirganini, barcha qulayliklarga ega Imom Termziy ilmiy-tadqiqot markaziga  tashrifidan mamnun ekanliklarini bildirib o’tishdi.

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati

Izoh qoldirish

Izohlar